Kengaytirilgan
 
 

Davlat hokimiyatining ochiqligini ta’minlashda tashkilot va fuqarolar hamjihatligining ahamiyati

2015-05-25

Davlat hokimiyatining ochiqligini ta'minlash va axborotlashtirish hamda telekommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish O'zbekiston davlat siyosatining ustuvor jihatlaridan biri hisoblanadi. O'zbekiston hukumati tomonidan Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiqligi to'g'risida”gi Qonunining samarali ijrosi hamda 2013-2020- yillar davomida O'zbekiston Respublikasida Milliy axborot kommunikatsiya tizimini rivojlantirish majmuaviy dasturiga muvofiq, AKT rivojlanish Strategiyasi masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida”gi qonun tamoyillarini, qoidalarini amaliyotda ishlovdan o'tkazish, uning hokimiyat sub'yektlari va boshqaruv tuzilmalari faoliyatining ochiqligini ta'minlashni ko'zlaydi. Unga muvofiq davlat organlari faoliyatining ochiqligini, oshkoraligini, ulardan ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari keng foydalanishini ta'minlashga qaratilgan normalarining samaradorligini oshirishdan iboratdir. Shuningdek, Qonun normalari va qoidalarini takomillashtirish ham asosiy vazifalar sirasiga kiradi. Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, mamlakatimizda davlatning axborot sohasidagi siyosati O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo'yilgan so'z erkinligi prinsiplari hamda fuqarolarning axborot olishga bo'lgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini hech qanday moneliksiz, har taraflama va to'la-to'kis ta'minlashga qaratilgandir.
Bugungi kunda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida”gi qonunining amaliyotga joriy etilayotgani davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini hamda ular faoliyatidan keng jamoatchilikning xabardor bo'lish huquqini ta'minlashga, ularning amalga oshirayotgan ishlari va qabul qilayotgan qarorlari sifatini oshirish borasidagi mas'uliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Ushbu qonun jamiyatda demokratiyaning yanada rivojlanishiga huquqiy asos bo'lib, mamlakatimiz va jamiyatimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida”gi qonunda jismoniy va yuridik shaxslarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to'g'risidagi axborotdan foydalanishini ta'minlash,davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olish huquqining kafolatlarini ta'minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan qarorlar uchun mas'uliyatini oshirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni tarqatish tartibi belgilab berilgan.
Ushbu qonunnning 4-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy printsiplari quyidagilar qilib belgilangan: - Davlat boshqaruvi organlari tomonidan taqdim etiladigan axborotdan hammaning foydalanishi mumkinligi, uning o'z vaqtida berilishi va ishonchliligi; - ular faoliyatining oshkoraligi va shaffofligi; - davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi. Ochiq ma'lumotlar portali fuqarolarga davlat organlari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarni yetkazishda samarali faoliyat olib bormoqda. Garchi, portal 19- martda o'z faoliyatini boshlagan bo'lsa-da, mamlakat aholisining unga bo'lgan qiziqishi ortib bormoqda. Ochiq ma'lumotlar portalida hozir 14 ta davlat tashkiloti tomonidan taqdim etilgan 165 ta ma'lumot joylashtirilgan. O'tgan ikki oy mobaynida 8486 ta ma'lumot yuklab olingan. Aholini eng ko'p qiziqtiruvchi ma'lumotlar bu - “Davlat organlari veb-saytlarining ro'yxati”, “Yalpi ichki mahsulot”, “Oliy ta'lim muassasalari haqida ma'lumot”, “O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim muassasalarida 2014- yilda tahsil olayotgan talabalar kontingenti” to'g'risidagi ma'lumotlar hisoblanadi.
Davlat organlari shaffofligini ta'minlashning muhim vositasi ularning faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisoblanadi. Shunday ekan, davlat organlari va fuqarolar jamiyat axborotlashuvi, raqamli texnologiyalar va internet rivojlangan bir sharoitda ushbu imkoniyatlardan foydalana bilishi lozim.


Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan: