Kengaytirilgan
 
 

O‘zbekiston e-hukumat reytingida 20 pog‘ona ko‘tarildi

2016-08-03

BMTning yangi reytingida O‘zbekiston elektron hukumat faoliyati sezilarli yaxshilangan dunyodagi o‘n davlat tarkibidan o‘rin oldi.

O‘zbekiston elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyo davlatlari reytingida o‘z o‘rnini yanada yaxshiladi. 30 iyul kuni e’lon qilingan «Elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha BMT tahlili» (United Nations E-Government Survey)da O‘zbekiston 20 pog‘ona ilgarilab, 193 davlat ichida 80- o‘rinni egalladi.

E-hukumatlarning rivojlanish darajasi bo‘yicha tahlil BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti tomonidan har ikki yilda tayyorlanadi. Bu BMTga a’zo barcha 193 davlat e-hukumatlarining rivojlanish holatini baholovchi jahondagi yagona hisobot hisoblanadi. Joriy yildagi tahlillar mavzusi — «Barqaror taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashda elektron hukumat».

O‘zbekiston yangi tahlilda elektron hukumat faoliyati sezilarli darajada yaxshilangan dunyodagi o‘n davlat ro‘yxatidan joy olib, elektron hukumati o‘rtacha rivojlangan davlatlar guruhidan yuqori indeksli mamlakatlar guruhiga joylashdi.

O‘zbekiston Elektron hukumatining rivojlanish indeksi (E-Government Development Index, EGDI) o‘rtacha jahon indeksi hisoblangan 0.4922 dan yuqoriroq bo‘lib, 0.5434 ni tashkil etdi. Reyting yetakchisi Buyuk Britaniyada mazkur indeks 0.9193, Osiyo mintaqasi yetakchisi Janubiy Koreyada — 0.8915, Markaziy Osiyo yetakchisi Qozog‘istonda — 0.7250 ni tashkil etadi.

Mazkur indeks uch subindekslardan tarkib topadi: onlayn xizmatlar indeksi, telekommunikatsion infratuzilmalar indeksi va inson kapitali indeksi. O‘zbekiston uchun ular mos ravishda 0.6884 (o‘rtacha jahon indeksi — 0.4623), 0.2463 (0.3711) va 0.6954 (0.6432)ni tashkil etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Elektron ishtirok indeksi (E-Participation Index, EPART)dagi o‘rnini 24 punktga yaxshiladi va 71- o‘rindan 47- o‘ringa qadar ko‘tarildi. 0.6780 indeksi bilan Markaziy Osiyoda birinchi o‘ringa chiqdi. Jahon yetakchisi hisoblangan Buyuk Britaniyada e-ishtirok indeksi 1.000, mintaqaviy yetakchi sanalga Yaponiyada — 0.9830 ni tashkil etdi.

Elektron ishtirok bo‘yicha O‘zbekiston reytingining ko‘tarilishiga «elektron maslahatlar» ko‘rsatkichining 18 dan 58 foizga oshishi ayniqsa ijobiy samara berdi.

«Gazeta.uz» yuzlangan mutaxassislar O‘zbekiston reytingining yaxshilanganini 2013 yilda qabul qilingan 2020 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturining amalga oshirilayotgani bilan bog‘ladi.

Xuddi shu yili Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) ishga tushirildi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi qoshida «Elektron hukumat"ni rivojlantirish hamda Axborot xavfsizligini ta’minlash markazlari tashkil etildi.

2015 yil fevralida Davlat aloqa qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligiga aylantirildi va axborotlashtirish siyosati sohasidagi vakolatlar yanada kengaytirildi. Vazirlikning asosiy vazifalaridan biri sifatida mamlakatda elektron hukumatni joriy yuklatildi.

Manba: GAZETA.UZ


Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan: