"Open Data Challenge 2018" g‘oliblari taqdirlandi
2018-12-08
2018 yil 7 dekabr kuni Toshkentdagi Inha universitetida Open Data Challenge tanlovi g‘oliblari taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
2018 yil 7 dekabr kuni Toshkentdagi Inha universitetida Open Data Challenge tanlovi g‘oliblari taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Inha universiteti rektori M. Jalolov ochib berdi va barcha ishtirokchilar va mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
So‘ngra “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazining direktori Z.Raxmatullayev so‘zga chiqdi va jumladan, shunday dedi: “Ochiq ma’lumotlar nafaqat axborot texnologiyalarini rivojlantirishda, balki dunyodagi har qanday mamlakat iqtisodiyotining taraqqiy etishida ham muhim ahamiyat kasb etadi”.
Tadbirga Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi janob Kristofer Allan ham tashrif buyurdi. “Umid qilamanki, barcha ishtirokchilar yangi bilimlarni o‘zlashtiridilar, bir-birlari bilan tanishdilar va o‘zlari uchun kelgusida qaysi sohani tanlashni aniqlab oldilar. Zero, tanlovning asl mohiyati ham shundan iboratdir”, - deydi K. Allan.
YeXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bosh maslahatchisi Yurgen Beker o‘z nutqida quyidagicha fikr bildirdi: “Kim axborotga ega bo‘lsa, u dunyoning egasidir, demakki, kim axboroti bilan bo‘lishsa, o‘z hokimiyati bilan ham bo‘lishgan bo‘ladi”.
Shuni ta’kidlash joizki, bu yil 560 kishi Xakatonda ishtirok etish istagini bildirgan. Tanlovning maxsus test sinovlaridan esa 200 nafar ishtirokchi o‘ta olgan va ulardan 48 ta jamoa tuzilgan. Tanlovda ishtirokchilar tomonidan ko‘pgina qiziqarli loyihalar taqdim etilganini ham aytib o‘tish joiz. Masalan, jamoalardan biri shaharning ko‘kalamzorlashtirish darajasini sun’iy yo‘ldosh orqali o‘lchashni taklif etgan bo‘lsa, yana biri matnni shahrlarda semantik tahlil qilib berishga qodir xizmatni yaratdi. Bir so‘z bilan aytgandatanlov o‘tkazilgan kunlar mobaynida jamoalar orasida o‘zaro do‘stlik va hurmat-ehtirom muhiti hukm surdi.
Tanlovning asosiy nominatsiyalari g‘oliblari bilan tanishing:
1) “Aqlli shahar” uchun ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi loyiha”
1-o‘rin: Comtek jamoasi;
2-o‘rin: STUIborn jamoasi;
3-o‘rin: Kaizen jamoasi.
2) “Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi biznes
loyiha”
1-o‘rin: AdGram jamoasi;
2-o‘rin: Bizplace jamoasi;
3-o‘rin: COUT jamoasi.
3) “Ochiq ma’lumotlarni generatsiyalash
(transformatsiyalash) bo‘yicha eng yaxshi loyiha”
1-o‘rin: Sudden Jump jamoasi;
2-o‘rin: Code Sys jamoasi;
3-o‘rin: HiTouch jamoasi.
Tashkilotchilar faxrli o‘rinlarni olgan ishtirokchilarga qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar topshirdilar.
Shuningdek, bu yilgi tanlov sardori 12 yoshli Muhammadyusuf Mahamatrasuljonov bo‘lgan jamoa bilan ajralib turdi. Ushbu jamoa tarkibi eng yosh a’zolardan iborat ekaniga qaramasdan, mamlakatda sayyohlikni rivojlantirishga qaratilgan to‘laqonli veb-sayt ishlab chiqishning uddasidan chiqdi va zamonaviy virtual reallik unsurlaridan foydalangan holda mamlakat kelajagini qanday ko‘rishlarini namoyish etib berdi.
Gran Pri mukofotiga (Texnologik kompaniyalar va biznes maslahatchilari innovatsion mahsulot va yechimlar taqdim etadigan global platforma rolini o‘tovchi, Madridda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanga yo‘llanma) turli mobil operatorlarning signallari darajasi haqidagi ma’lumotlarni xaritada jamlovchi va aks ettiruvchi Signum dasturini ishlab chiqqan Sudden Jump jamoasi munosib deb topildi.
Aytish mumkinki, tanlov yoshlarga o‘zlarining fikr va g‘oyalarini hayotga tatbiq etish imkoniyatini yaratib berdi. Umid qilamizki, kelgusi yilda o‘z innovatsion mahsulotlari bilan dunyoni o‘zgartirish va fuqarolarning hayotini yaxshilashni xohlaydigan ishtirokchilar safi yanada ko‘payadi.
Manba: «Elektron Hukumat» tizimini rivojlantirish markazi